Sochlari pala-partish kesilgan, to‘zg‘igan, didsiz kiyingan 35-40 yoshlardagi bir ayol ko‘rindi. Men ipni tez- tez qimirlatdim. Ayol tepaga qaradi-da, bamaylixotir sigaret tutatdi. Ortidan ikki - uchta yigit ko‘ringach, ipni uzib, qog‘ozni oldi. Xayriyat, xayriyat. Oqsab-oqsab, xona uzra raqsga tushdim. Besh yo o‘n daqiqa o‘tar, militsiya mashinasining uzluksiz signali ostida men ozodlikka chiqaman. Noma’lum ayol esa hech narsadan bexabar bolalari bilan tinchgina tong ottiradi. Shirin xayollarimni Badrning yo‘g‘on, bema’ni kulgisi to‘xtatdi. U eshikni ochib, qornini ushlab kula boshladi. "Bechora qiz”… U o‘n marotaba takrorladi shekilli, bu so‘zni. Shunda men najot yo‘li yopilganini bildim. Ayol nega unga berdiykan? Militsiyaga bering, vaqtim yo‘q, degandir-da. -Anjelika, bu yoqqa kel. Mana senga ko‘rsatmoqchi bo‘lgan "Kavkaz asirasi”. U kelib-kelib sendan insof kutibdi. Insofimni o‘n yetti yoshimda yeb qo‘yganman, -deb ayt. Ayol kirib keldi. Yuragim urishdan to‘xtagandek bo‘ldi. Bu - o‘sha. Men haligina qog‘oz uzatgan ayol. Uning sovuqqon qarashi, behayo iljaygancha menga bosh-oyoq razm solayotgani, tinimsiz sigaret tutatayotgani ko‘nglimni aynitdi. Kechadan buyon tamaddi qilmaganim, umidsizlik girdobiga tushganim o‘z kuchini ko‘rsatdi. Boshim aylanib yiqilganim yodimda qoldi, xolos. Qancha hushsiz yotganimni bilmayman. O‘zimga kelganimda hamma yoq suv sepgandek jimjit edi. Yarim soatlar o‘tib, ayol eshikni ochib kirib keldi. Uning oshxonada ovqatlangani va aroq ham ichgani bilinib turardi. Qovurilgan kolbasani chaynab- chaynab, menga tikildi va qo‘lining yog‘ini eshik pardasiga artdi. -Bo‘yningdagi «tros»ni Rashid berdimi? -Yo‘q, onamniki. -Buyoqqa uzat. Endi meniki bo‘ladi. -Yo‘q, onamniki. Birovga bermayman, - dedim g‘azablanib. -Ey, tirrancha. Qayerda o‘tirganingni unutdingmi? Xohlasam, hozir seni bo‘g‘ib o‘ldiraman. Xohlasam, o‘nta erkakni chaqirib, seni ularga qo‘shib pul ishlayman. Xohlasam, seni ko‘chaga chiqarib, onangnikiga olib borib qo‘yaman. Baqqa ol. Anjelikaning kimligini bilmas ekansan. Ayol men tomonga kelib bo‘ynimga qo‘l cho‘zdi. Zanjirimni tortib, uzib oldi. Xuddi onam bilan bog‘lab turgan rishta uzilgandek jon-jahdim bilan ayolga yopishdim. Oyog‘imning og‘rig‘iga ham qaramay uning to‘g‘ri kelgan joyiga tepdim, mushtladim. Zanjirimni olib, kamzulchamning cho‘ntagiga soldim-da, g‘olibona qaradim. Anjelika eshik yonidagi devorga suyangancha menga tikilib qoldi. U boyagina kolbasa chaynab turgan ikkita old tishini qo‘liga olib pardaga artardi. -SHen, jahl ushtida urdingmi yoki shportshmenmishan, - dedi "S” harfini aytolmay. -Jahl ustida, -dedim men. Onamning zanjirini so‘ramasdan taqqandim. Olib borib berishim kerak. Nasiyaga olib zo‘rg‘a qarzini uzganlar. -Agar men ham o‘n yetti yoshimda shenday kuchli bo‘shaydim… - ayol shu gapni aytib chiqib ketdi. Balki og‘zi- burnidan oqayotgan qonni yuvgani ketgandir. Baxtiyorni hozir qanchalik yomon ko‘rmay, menga oz bo‘lsa-da mashq qildirgani uchun undan cheksiz minnatdor edim. Agar oyog‘im pand bermasa, o‘rningdan turolmaydigan qilib qo‘yardim, sen iflos ayolni. Ochlikni ham unutdim. O‘zimni qahramondek his eta boshladim. Kinolarda stollarni yoki bochkalarni ag‘darib olishishadi. Mening zindonimda afsuski bunaqa narsalar yo‘q. Anchadan keyin Anjelika kirib keldi. Uning qo‘lidagi patnisda choy, non, qovurilgan kolbasa. -Ol, ovqatlan, -dedi u. Boyagi shashtidan asar ham yo‘q edi. Qandaydir bo‘shashgan. -Yemayman, balki zahar solib kelgandirsiz? -Mana, o‘zim yeyman. Qarab tur. O‘lmasam, sen ham ye. Uning bamaylixotir kavshanayotganini ko‘rib og‘zimning suvi qochdi, men ham ovqatlana boshladim. Anjelika bir qo‘lida aroq shishasini ham ko‘tarib kelgan edi. Shishadan bir piyola aroqni menga ham qo‘ydi. -Ol, "Shahrisabz” arog‘i, yurtingniki. Ich. -Men umrimda ichmaganman. Dadam ham hecham ichib kelmaganlar. Rahmatli, dadajonim… Ko‘nglim bo‘shab ketdi. Dadajonimni qo‘msab yig‘lab yubordim. Toshda ham gul bitadi, deganlari rost ekan. Ayol ham menga hamdard bo‘ldi. Boyagi shaddod, qahri qattiq ayol munisaga aylanib qolgandi. Tavba, kaltaklangani uchun shuncha o‘zgarishmi? Insonni tushunish buncha qiyin ekan. Baxtiyorning kimligini anglolmay qiynalsam, endi bu Anjelikasini nima deyish mumkin? Bolaligim tutib, uni boplab mazax qildim. -Boya Anjelika edingiz, endi Anzirat opaga aylandingizmi, deyman, -dedim kulib. -Anzirat, meni Anzirat deyishmaganiga ko‘p yil bo‘ldi-yov. Unutib ham qo‘yganman. Men uni o‘z dardini yorgisi kelayotganini tushunib yetdim. Mayli, tun uzun. Bosqinchi hamxonalarim bir xonadonni zor qaqshatib kelguncha baribir uyqum kelmaydi. Chunki o‘sha noma’lum ayol va uning bolalari taqdirini o‘ylab, qo‘limdan bir ish kelmaganidan o‘kinib o‘tiribman. -Anzirat opa, bolalaringiz bormi? Bo‘lsa, men tengi bordir? -deb so‘radim. -Bu tun negadir to‘kilgim kelyapti. Sening oydek ruxsoringa qarab, ilk bor yoshligim tashlab ketganini anglab yetdim. Ikki tishimni tepib sindirganing uchun oshxonadagi oynakka qarashimga to‘g‘ri keldi. Qaradim. O‘zimdan o‘zim jirkanib ketdim. Nahs ishlar bilan shug‘ullangan kishining rangi-ro‘yi ham boshqacha bo‘larkan. Hozir uch muchal yoshdaman. Ilim ilon. Sakson ikkinchi yilning yozi edi. G‘azalkent taraflarda yoz kechalari salqingina bo‘ladi. Otam Toshkent shahridagi katta idorada ishlasa-da, onam ob-havoni qizg‘anib shunday chiroyli, daryo bo‘yidagi uyni tashlab dimiqqan shaharga yashaymanmi, deb unamadilar. Biz to‘kin- sochin yashardik. Otamning shofyori Toshkent bilan G‘azalkent o‘rtasida bo‘zchining mokisidek qatnardi. Ayamga atalgan zeb- ziynatlargacha o‘sha yigit olib kelardi. Har zamon adam hovlimizda katta ziyofat berardilar. O‘shanda ham uyimiz sovg‘a-salomga to‘lib ketardi. Ba’zan taniqli qo‘shiqchilar kelib, yarim tungacha ashula qilishardi. "Qistir- qistir”lar boshlanardi. O‘n yetti yoshga kirgan bo‘lsam-da, adamla meni rosa erkalatardilar. Tug‘ilgan kunimga tillo soat sovg‘a qilgandilar. O‘sha paytlar tengqurlarimga ko‘z-ko‘z qilib taqardim. Ular havas bilan qarashayotganini o‘zlarining adasi katta ishga ishlamaganidan o‘kinayotganini his qilardim. Baxt ham, to‘kinlik ham bir kunda g‘oyib bo‘lishi mumkin ekan. Ha, bir kunda mening yarqiragan hayotim sarobga aylandi… U jim bo‘lib qoldi. Ko‘zlaridagi be’mani qarashlari o‘rnini armon, o‘kinch egalladi. Choy quyib uzatdim. -Keyin-chi? Keyin nima bo‘ldi, Anzirat opa? -So‘rama, qizgina. Adam shofyorini ishdan bo‘shatgan ekan. Oralaridan qandaydir gap o‘tgan bo‘lsa kerak. Keyin haydovchi adamni bor sir-asrorini «KGB»ga sotgan. O‘sha kuniyoq adamni qamoqqa olishibdi. Haydovchining bo‘shaganini biz eshitmagan edik. U kelib "yanga, eng qimmatbaho narsalaringizni mashinaga orting. Hozir OBXSS bosadi dedi”. Ayam qo‘rqib qolib bo‘ynidagi taqinchoqlarigacha, yashirilgan pullarigacha olib haydovchiga berdi. Uning ismi Tolmas edi. Ayamlar, Tolmasjon, uka, akayiz qayerdalar, - dedi. -Aka, -dedi u ko‘zlarida o‘t chaqnab. - Bo‘ynidan osilib ketdi. U qo‘li bilan bo‘ynini ko‘rsatib "pix” dedi. Ayamning ranglari oqarib ketdi. Biri o‘n, ikkinchisi o‘n uch yoshda bo‘lgan ukalarim bilan hushini yo‘qotayozgan ayamni supaga sudradik. Tolmas yordam berishga harakat ham qilmadi. U "Hoy Anzirat, bu narsalarni qayoqqa yashirishimni sen ko‘rishing kerak. Ukalaring yosh. Mashinaga min” dedi. -Anzirat, ketma bolam. Boylik menga, otangga vafo qildimiki, endi senga, ukalaringga vafo qilsa. Borma. Mening ahvolim og‘ir, - dedi ayam yotgan joyidan bosh ko‘tarib. «Dadam peshona terisi bilan topgan narsalarni qo‘sh qo‘llab birovga topshiramizmi? Ertaga nima qilamiz» - deya mashinaga o‘tirdim. Bu zebu ziynatlarni hech kimga bergim kelmasdi. Tolmas mashinani tog‘ tomonga haydadi. Ikki soatlar chamasi yo‘l yurdik. Biz dadam bilan kelgan tanish qishloqlardan ham olislab ketdik. Dacha bor ekan. Yo‘l og‘ir. Mashinani nishablikdan zo‘rg‘a haydab chiqdi. Men qayerga ko‘markanmiz, deb ko‘zim bilan pana joylarni izlay boshladim. -Bu adangni dachasi. -Biz kelganimiz yo‘q-ku? -Bu yerga boshqa xotinlari, bolalari bilan kelgan. -Yolg‘on. Aldavossiz, -dedim undan norozi ohangda. -Anzirat, ichkariga kir. Narsalarni o‘zim olib kiraman,-dedi u beparvo. Men ichkariga kirib shinam bezatilgan xonaga mahliyo bo‘lib qoldim. -Hech kim o‘g‘irlab ketmabdi. Qancha narsani ovloqda qoldirib ketishgan. -Kimda had bor adangni xasini olishga? Qorovul bor. Rostdanam mashinani ko‘riboq qirq-ellik yoshlardagi kishi paydo bo‘ldi. -Tolmas, senmisan. Boshliq ham keldilarmi? -Yo‘q, tandir qilaver. Kattaning qizi yaxshi dam olib qaytishi kerak. -Men dadamning «pix» bo‘lganini yashirgani, meni «kattaning qizi» deb ta’kidlagani uchun Tolmasdan xursand bo‘ldim. Qorovul menga bosh irg‘ab salom berdi- da, uzoqlashdi. -Kel, dam olaylik- chi. Mana bu taqinchoqlarni bir-bir taqib ko‘r. U qutini mening oldimga tashladi. Sevimli mashg‘ulot bilan shug‘ullana boshladim. Ayam bechora yolchitib taqmadiyam. Zeb- ziynatlar ko‘zni olar darajada chiroyli, bejirim edi. Tolmas dasturxon bezab, hatto ichimliklar qo‘yib qorovulni kuta boshladi. U yonboshlagancha meni kuzatardi. Tolmasning ko‘zlarida men hali ko‘rmagan o‘t bor edi. Men boyagi xushnudligimni yo‘qotib qo‘ydim. Bu qanday qarash? Nega u mening huzurimda yalpayib yotib olgan? Nega boya ayam holsizlanib qolganda yordam bermadi? Bizni endi pisand qilmayapti- da. Yetti yildan buyon uyimizga egilib kirib, ayamdan soatlab ahvol so‘raydigan, har bir buyurilgan ishga «xo‘p bo‘ladi» deydigan xushomadgo‘y yigit bir kunda shuncha o‘zgaradimi? Boya kallam qayoqda edi? Nega keldim onamni norozi qilib. -Tolmas aka, borib menga lola terib keling. Sarig‘i bo‘lmasin, - dedim amr bilan. Maqsadim gumonimni tekshirish edi. -Lola? Shunday kunda malikai- dilozorimizning ko‘ngli lolani tusab qolibdimi? Otasi falokatga uchraganda-ya? Ana, tog‘ning tepasida turibmiz. Oyoqchalari singani yo‘q, -dedi u. Men bir oz taxta bo‘lib qotdim. Unga g‘azabimni sochdim: -Hoy, kim bilan gaplashayotganingni unutdingmi? Padxalimlikda sening oldingga tushadigani yo‘q edi-ku. Endi boshlig‘ingning qizini pisand qilmay qoldingmi? Tur, o‘rningdan, kechirim so‘ra! Tolmas hiringlab kuldi. Yotgan joyidan qo‘l cho‘zib ,bilagimdan bir tortib yiqitdi. -O‘tir, Sadriboyvachchaning arzandasi. Eshit. Otang endi yo‘q. Uni o‘ldirib ketishgan. Seni endi hech kim sariq chaqaga ham olmaydi. Otang yomon odam edi. Ayniqsa, buzuqchilikdan tap tortmasdi. Meni o‘zgacha hotamtoylik qilib sekretarkasiga uylantirdi. Ikkovining orasida ko‘p gap borligini keyin bildim. Kabinetiga ikkovini ushlab olganimdan keyin keng dunyo ko‘zimga tor bo‘ldi. Xo‘rlandim, oyoq osti bo‘ldim. -Yolg‘on. U meni quchog‘iga tortdi. «Dadang xuddi shunday qilib xotinimni quchib turgandi, -dedi. - Men uni tuzladim. Haliyam alamimni olayapman». Shundan so‘ng harchand urinmayin Tolmasning baquvvat panjalari orasidan chiqib keta olmadim. Qancha baqirdim, yolvordim foydasi bo‘lmadi. Alamzada Tolmas meni istagancha xo‘rladi. Onamning gapiga kirmaganimga ming pushaymon bo‘ldim. Otamning endi tarafimni ololmasligiga, o‘lganiga ishondim. Yo‘qsa, haydovchisi menga buncha beshafqat bo‘lmas edi. Bizga «tandir» pishirib kelgan qorovul bu jirkanch manzarani ko‘rib, bir zum kalovlanib qoldi. Qutrab ketgan Tolmas uni ko‘rmadi. U qaytib chiqib, tosh olib keldi- da, jonjahdi bilan Tolmasning boshiga ura ketdi. Tolmas gapirishga ulgura olmay qoldi. Qorovul mening ahvolimni ko‘rib, bosh chayqadi. -Maraz, tuz yeb, tuzluqqa tupurgan it. Qanday hadding sig‘di? Qizni xarob qilibsan-ku. Afsus, kechikibman. Mana senga! Qorovul tinimsiz urib Tolmasni gapirgani ham qo‘ymadi. Tolmas qonga botgan boshini bir ko‘tarib, tinchib qoldi. O‘lib qoldi-yov, deb o‘yladim. Biroq gapirolmasdan dag‘- dag‘ titrardim. -Yig‘lama, qizim. Hali zamon adang kelib olib ketadi. Qizi uchun odam o‘ldirishgacha borganimni ko‘rib mendan xursand bo‘lar. Adang-tog‘. Adang omon bo‘lsa, meni pishagimni «pisht» deydiganlar topilmaydi. Hayronman, bu zang‘ar nega adang bilan o‘ynashdi? U ko‘rpachaga o‘rab, Tolmasning jasadini ko‘tarib chiqib ketdi. Uzoq ketdi. Qorong‘u tushgach, menga toza, biroz kiyilgan ko‘ylak topib keldi. Bo‘lib o‘tgan voqealardan keyin ongim juda karaxt edi. -Mana, qizim, ko‘ylagingni almashtir. Dadang necha kun javob bergandi dam olishingga? -Bilmadim. Tolmas biladi. -Qani, ovqatlanib ol. Qorovuldan juda xursand edim. U xuddi otamning qulidek bir burchakda o‘tirib, meni ovqatlanishga undardi. -Siz ham ovqatlaning, keling, - dedim Tolmasning xo‘rlaganlari ko‘z o‘ngimga kelib entikib. Bu kishi ham otamning o‘lganini eshitsa, fe’li aynisa kerak. Aytmasligim lozim», deb o‘yladim. U mag‘rur o‘tirardi, xuddi qilgan qotilligi uchun mukofot oladigandek. Qo‘rqmay uxlayverishimni, eshik orqasida bo‘lishini aytib, qorovul ketdi. «Tiq» etgan tovushdan seskanib, alahsirab chiqdim. Nuqul Tolmas tepamga bostirib kelaveradi. Har qalay, yoz oqshomi emasmi, tezda tong otdi. Qorovulni chaqirib G‘azalkentga olib borib qo‘yishini, bu yerda bir daqiqa ham turolmasligimni, adam undan minnatdor bo‘lishini aytib yolvordim. -Pravam yo‘q-da, qizim. Ha, mayli DAN to‘xtatsa, Zoirovning qizini olib kelyapman, deyman. Tayyor bo‘l. Men taqinchoqlarni ko‘ylagim etagiga joylashtirib chiqdim. Biroq bu yerga boylik, deb eng qimmat narsamni boy berib qo‘yganimni o‘ylab ezilardim. Tolmasga zarracha achinmasdim. Xudodan topdi. Mashinaga minib dadamning xilvatxonasiga bir bor qaradim. Bu yerda Tolmasning aytishicha, ne-ne qizlar badnom bo‘lgan. Ular qatorida o‘zining qizi ham badnom bo‘ldi. Mashina G‘azalkentga yaqinlashganda DAN to‘xtatdi. Qorovul mashina hujjatlarini olib tushdi. Bu yerdagilarga Tolmasning mashinasi otning qashqasidek ma’lum edi. Qorovulning har qancha yalinishi militsionerlarni eritmadi. Aksincha, undan «mashina egasi qani?» deb so‘rab turib olishdi. Shu yerda ham qayg‘uli, ham quvonchli voqea yuz berdi. DAN xodimlari qorovulga adamning qamalganini aytishdi. Men Tolmas «pix» deb bo‘ynini ko‘rsatganida adamni so‘yib ketishgan ekan, deb o‘ylovdim. O‘lgan, deb takror-takror aytgan edi. Demak, adam tirik. Juda xursand bo‘lib ketdim. Shunda ulardan biri kelib: -Shofyorlaring qani, qizaloq, -deb so‘radi. O‘ylab ham o‘tirmay borini «gulladim». -Tog‘da qoldi. Endi uning jasadini qurtu qumursqa yeb ketadi. U meni aldadi, badnom qildi, -deb yig‘lab yuboribman. -Uni kim o‘ldirdi? -Qorovul. Meni himoya qildi. Biroq kechikib. -Bularni gorotdelga olib boring. Qotillik yuz bergan, -dedi DAN xodimi. Qorovul meni «sotib» qo‘yganimni bilib, eng yomon so‘zlar bilan haqoratladi. Melisaxonaga borib voqeani boshdan-oyoq yozib berganimdan so‘ng meni uyga jo‘natib yuborishdi va chaqiruv qog‘ozi yuborsa, kelishimni tayinlashdi. Qorovulni esa birdagina qamoqqa olishdi. Uyga kirib kelganimda onam qahr- u g‘azab bilan kutib oldi. -Qiz tug‘may men o‘lay. Bir kecha qayoqqa qolib ketding? Qo‘ni- qo‘shni nima deb o‘ylaydi? Tolmas ko‘rnamak qani? -Aya, adamla o‘lmagan ekan, qamoqda emish. Tolmas o‘ldi. Qorovul uni o‘ldirdi. -Nega? Ayamning vajohatiga qarab adamdan kecha xabar kelganini angladim. Biroq shunday muloyimgina ayolning bir kunda shuncha jazavasi tutadi, deb xayolimga kelmagan edi.Men aytgan «yangilik»lardan ayam gangib, o‘tirib qoldi. -Yo‘qol uydan, palakat bosgan qiz. Yo‘qol. Adang ertaga keladi. Oshnasi chiqarib olayapti. Sani bo‘g‘ib o‘ldiradi. Undan ko‘ra ko‘ziga ko‘rinma. Men onamni aytganini qilmadim. Yuvindim. Kiyimlarimni almashtirdim. Xonamga kirib ichkaridan qulfladim-da uxladim. Hamma azoblar ortda qolgandek edi. Ertasi kuni ranglari siniqqan, avvalgi shashtini yo‘qotgan, ko‘zlari kirtaygan adam bir moshin odam bilan kirib keldilar. Ular suv bo‘yidagi karavotda yeb-ichishdi, adamning sog‘lig‘iga qadah ko‘tarishdi. Kechga yaqin qaytib ketishdi. Ukalarim adamni quchib, rosa erkalandi. Onam yer chizib choy uzatib turibdi. Faqat man uydan chiqa olmay deraza ortidan ularni kuzataman. -Anzirat qani, mani onam qani? Davomi bor…
|