TUTQUNLIKDA 10 KUN (2-qism)
Shoshilma qizgina. Seni qutqazishning yo‘li topilar. Men sen bilan. Seni yaxshi ko‘rib qoldim. Qaniydi, erkin bo‘lsak. Shu bugun sovchi jo‘natardim. Maktabni tugatganingdan so‘ng uylanardim. Pichoqni o‘zingga urma. Ma, yashirib qo‘y. Balki bu bilan ularni birin-ketin tinchitib qocharmiz. Faqat sen o‘zingni o‘ldirma, siqilmay tur, iltimos. Baxtiyorning yuziga tikildim. Hatto men timdalagan yuzidagi qontalash izlar ham unga yarashib turganday. Qop-qora ko‘zlarida katta o‘ylov va qo‘rquv bordek. Hartugul, xayoli joyida emas. Sevib qoptilar. Men o‘g‘riga tegishga rozi bo‘larmidim. Unga bo‘ysunib pichoqni yashirib qo‘ydim, Jon shirin ekan-da. Baxtiyor ko‘zimga eng yaqin odamimdek ko‘rina boshladi. Bu ham to‘daga adashib kirib qolgan. Balki ikkovlashib qocharmiz. Asosiy qorovulim shu yigit-ku. To‘daning ichidagi eng chiroyli, yosh yigit ham shu. Menga qo‘pollik qilmayapti. Badrning tepib chiqib ketganini eslab, xo‘rligim keldi. -Agar menga achinsangiz, militsiyaga telefon qiling, - dedim yalinib. -Men ham tashqariga chiqolmayman. Ular menga ishonishmaydi. Ernest kuzatayapti. Shoshilmaslik kerak. Kech bo‘lsin. Bu yerga qizlar keladi. Ichib mast bo‘lib uxlab qolishsa... -Mast bo‘lib quturishsa-chi? Unda men nima bo‘laman. Boya Badr "tunda sen yigitlar qo‘lida uloq bo‘lasan” dedi. -Men o‘lmasimdan bu savdo boshingga tushmaydi. O‘lsam, seni himoya qila olmayman. Balki xudo biz taraf bo‘lar. Ayt-chi, qochib ketsak, menga tegasanmi? -O‘g‘riga tegmayman. Baribir qamalib ketasiz. -Jinoyatim uncha og‘ir emas. Do‘xtirni men qo‘shilib tepmadim. Rashiddan qo‘rqib tepasida turdim, xolos. Jazo muddatimni o‘tagunimcha kutib turolmaysanmi. Hali yoshsan-ku? Uning bu iltimosidan ensam qotdi. O‘zim nima ahvolda-yu, kelajak haqida o‘ylasam. -Meni kelajagim yo‘q, endi. Shuning uchun bo‘lmag‘ur gaplarni qo‘ying. Endi menga yorug‘ dunyo kerakmas. -Isming nima asli? -Xolida. -Yanog‘ingdagi xoling uchun shunday nom qo‘yishgandir. Ko‘zlaring chiroyli, katta-katta, ma’sum. -Hali she’r ham to‘qirsiz. -Arziysan. Hech bo‘lmasa katta shoirlarning she’rlaridan aytib beraman. -SHe’r aytish o‘rniga menga oq ro‘mol topib kelsangiz. Dadasi uchun bitta ro‘mol o‘ramagan qiz ham farzand hisoblanadimi? -Meni kechir. Bu gaplarning mavridi emas, -deya Baxtiyor o‘rnidan turib ketdi. Men yostiqni olib yonboshladim. Qo‘l-oyoqlarim qaqshab og‘rirdi. Shu ko‘yi uxlab qolibman. Tushimda yana dadam: mening xonamga bir savat non ko‘tarib kelyapti. Boshimda o‘tirib, sochlarimni silayapti. Biram yoqimli. Dadajon, meni olib keting, bu dunyomi, u dunyomi, sizning yoningizda bo‘lsam bas, deb yig‘lab etagidan tutyapman. Biroq dadam meni olib ketmadilar. Ortidan "dadajon” deb baqirib uyg‘onib ketdim. Qarasam, tepamda Baxtiyor o‘tiribdi. Sochlarimni silagan ham shu bo‘lsa kerak. U menga choy tutdi, ko‘p alahsiraganimni aytdi. Yonida eski oq surp. Qo‘limga olib ikki buklab boshimga o‘radim. -Ularning bazmi boshlanmadimi? -dedim horg‘in ovozda. -Bazm tugab, tong otyapti, - dedi u mamnun. -Demak, ikkinchi tong ham otyapti. Rashid bu kecha ham meni tinch qo‘yibdi-da. -Ha, Rashidning "dugona”si keldi. Ikki-uchta qizlar. Avval rosa tansa tushishdi. Keyin xonalarga kirib gum bo‘lishdi. -Nega uyg‘otmadingiz? Qochardik. Balki hali ham kech emasdir. Tushimda dadam non berdilar. Bu rizq. Demak, men o‘lmayman. -Iloyo, o‘lmagin, Xolida. Ernest eshik oldida o‘tiribdi. Bir qultum ham ichmagan. -Pichog‘imiz bor-ku. Bitta Ernestga kuchingiz yetmaydimi? -Mulla akayam uyg‘oq. Qarta o‘ynab o‘tirishibdi. Hozir iloji yo‘q. Kechga osh olib keluvdim. Uyg‘otmadim. -Oshi boshidan qolsin. -Unda horib qolasan. Sen uzoq vaqt asiralikda qoladiganga o‘xshaysan. Yaxshisi, ovqat yegin, keyin sportdan xabaring bor ekan. Men bilan shug‘ullan. Qachondir o‘zingni himoya qilishingga to‘g‘ri keladi. -Ular menga indashmaydimi? -Qish chiqquncha seni rosa boqishadi. Keyin shefga olib borib sovg‘a qilishadi. Kecha mehmonlardan biri - shefning yordamchisi shunday taklif qildi. -SHef, kim u? -Men ham, hatto Rashid ham tanimaymiz. Tanishish uchun sen bahona bo‘lasan, shekilli. Bu orada vaqt ko‘p. Men bularning ishonchini qozonib ko‘chaga bemalol chiqadigan bo‘lib olsam, militsiya va uyingdagilar bilan bog‘lanardim. -Ozodlikka chiqish endi menga avvalgi baxtiyorligimni qaytarib bermaydi. Biroq do‘xtirning, dadamning qotillari jazolanishini istayman, -dedim Baxtiyorga. Men endi o‘lim haqida emas, o‘ch olish haqida o‘ylayotgandim. Tushimda dadam menga rizq berdi. Demak, qasos olish uchun umr berdi. O‘zimni o‘ldirsam, Badr aytganidek, Sirdaryoning baliqlariga yem bo‘laman, xolos. Men Baxtiyorga yuvinishim kerakligini aytdim. U meni vannaga kiritib, ustimdan qulfladi va oshxonaga ketdi. Jarohatlarim azob bersa-da, yuvinib ikki kunlik g‘am- g‘ussalarni ortga tashlagandek tetiklashdim. Qum, tosh, loy yopishgan sochlarim yana jilolandi. Ko‘zguga qarab, ko‘zlarimga termuldim. Ko‘zgudagi go‘zal ko‘pkarida uloq bo‘lmaganidan mamnun boqardi. Biroq bu "Do‘ndiqcha” shefga atalgan. SHef kim? Biror ashaddiy jinoyatchimi? Terroristmi? Narkomanmi? Harqalay, Baxtiyorning gapiga kirganim ma’qul. Sport bilan shug‘ullanaman. Jinoyatchilarga qarshi yakkama-yakka kurasha oladigan bo‘lishim kerak. Sport kompleksida qatnashganim yodimga tushdi. Onam chempionatga qatnashishimga ruxsat bermagan edilar. Uch yilgina borib keyin tashlab qo‘ygandim. Agar ancha payt shug‘ullanganimda, Rasul do‘xtir omon qolarmidi? Kinolardagi karatechi qizlardek bo‘lishni juda-juda xohlardim. Bo‘m-bo‘sh ko‘nglimni orzu- istaklar qamrab olgan edi. Vanna eshigini taqillatdim. Baxtiyor hozir-u nozir turgan ekan. Darhol eshikni ochib, meni kulbachaga boshladi. -Ochilib ketibsan, -dedi ko‘z uzolmay. -SHefga atalganimni eshitib, ochilib ketdim-da. Yana yoqmay qolmayin. -Qaydan bilasan? Balki oltmishni urib qo‘ygan choldir. Balki tog‘ ortida o‘laksaxo‘rlik qilib yurgan quzg‘unlarning biridir. O‘sha tengingmi? -Yo‘q... Afsus, endi tengimni izlashdan mahrumman. Sinfdoshlarim orasidan uch- to‘rttasi menga sevgi izhor qilgan edi. Ularni ham tengim, deb bilmagandim. Mana, endi bir cholga sovg‘a qilinaman. Hali unga yoqamanmi, yo‘qmi, bilmayman. Yo‘lakdagi piching aralash suhbatimiz Ernestni ko‘rib, birdan uzildi. -Salom, do‘ndiqcha. Xona manzur bo‘ldimi deyman, tinchib qolding. Yoki Baxtiyor bilan achomlashib, uyingni unutdingmi? -O‘chir, sariqvoy! Hali seni sepkil bosgan yuzingni tirnoqlarim bilan shunday siypalayki, onang ham taniyolmay qolsin. Qorovulning yuziga qara, hali bu holva. Sen ham qorovullik qiladigan kun kelar. O‘shanda do‘xtirni tepgan mana shu uzun oyoqlaringni yoqib, taftiga isinaman, -dedim ularning gap ohangiga taqlidan. -Hh-u, tiling chiqib qolibdi-ku. Tinchlikmi? Ha, aytganday, bandalik do‘ndiqcha, otang ketib qoliptiymish. Baxtiyorning qo‘lini siltab tashlab, Ernestning sochiga yopishdim. To Baxtiyor ajratib olguncha, bir tutam sochini yulib oldim. U so‘kina- so‘kina ortda qoldi. Xonaga kirsam, Baxtiyor dasturxon tuzab qo‘yibdi. Kechagi tasqaralardan qolgan noz-u ne’matlar ekanligini bilib, ovqatlanmayman, -dedim bo‘g‘ilib. -Ovqatlan, hozirgina kelishdik- ku. Ular bilan qachongacha yulishasan? Mushtlashishga tayyor bo‘lishing kerak. Ustoz kerak bo‘lsa, mana men. Internatdan ketgunimcha karate bilan shug‘ullanganman. Bemalol bular bilan olishishim mumkin. Biroq, seni olib chiqib ketolmasligimdan qo‘rqaman. Bunga sen ham tayyor bo‘lishing kerak. Harqalay, baxtimga Baxtiyor bor ekan. Mehribonchilikni joyiga qo‘yadi. Shuyam meni mazax qilsa, xo‘rlasa, nima qilardim? Ernest sariqning pichinglarini unutishga harakat qilib nonushtaga o‘tirdim. Baxtiyor menga javondagi kitoblar orasidan sport to‘g‘risida ikki-uchta kitob topib berdi. Yoglar haqida ilk bor tasavvurga ega bo‘ldim. Tashqaridagilarga bildirmay, mashq qila boshladim. Ruhiyatim yengillashdi. O‘lim haqidagi sovuq o‘ylardan, qo‘rquvdan qutula boshladim. Bir hafta "do‘ndiqcha”ni unutishdi. Baxtiyor bilan tinimsiz mashq qilib ayrim usullarni o‘rganib oldim. -Sendan yaxshi shogird chiqarkan. Ba’zilar bir oyda o‘rgana olmaydigan usullarni bir haftada o‘zlashtirding. Qoyil. -Ular shunchaki o‘rganishadi. Men kabi tepasida qilich yaraqlab tursa, hayotiga, or- nomusiga tahdid bo‘lsa, ular ham balki bir soatda o‘rganardi. Baxtiyor aka, bilasizmi, nimani o‘yladim? Mabodo xudo yorlaqab shu zindondan eson-omon qutulsam, o‘qishimni davom ettirsam, fizkultura o‘qituvchisi bo‘lardim. O‘shanda qizlarga o‘z-o‘zini himoya qilishni o‘rgatardim. Boshiga tashvish tushsa, taslim bo‘lishni afzal ko‘radigan qizlar kamayardi. Ojiza, deb xo‘rlamoqchi bo‘lgan yigitlar pand yeb qolaverardi. Bu juda kerak ekanligini endi his qilyapman. Ha, aytganday, kim bilandir olishishim kerak. -Biz-da raqib. -Yo‘q. Siz meni ayaysiz. Ernestning jig‘iga tegib ko‘rsam... -Bunga hali barvaqt. Shoshilma. Inson nimalarga qodirligini raqibiga darrov bildirib qo‘ymasligi kerak. Unda tez yengiladi. Mana, meni ular bir noshud, qo‘rqoq yigit, deb o‘ylashadi. Shunday o‘ylaganlari ma’qul. Shu payt Ernest xonaga kirib keldi. Rangi oqarib ketgan. Qo‘lida gazeta. -Baxti, meni qidirishayapti. "Pravam” qolib ketganidan tashvishlanib yurgandim. Rasmimni ham berishibdi. Baxtiyor "Postda” gazetasini qo‘liga oldi. "Diqqat "Qidiruv” degan sarlavha ostida birinchi bo‘lib Ernestning rasmi turardi. "Qarshi shahar IIB tomonidan quyidagi shaxs jinoyat sodir etganlikda gumonlanib qidirilmoqda. Esenov Ernest Ismatovich, 1975 yilda Qarshi shahrida tug‘ilgan. Hech qayerda ishlamaydi. Yashash joyining tayini yo‘q. U O‘zbekiston Respublikasi JKning 97-moddasida ko‘rsatilgan jinoyatni sodir etganlikda gumonlanib tergovdan qochib yuribdi. Asosiy belgilari: bo‘yi 170-175 santimetr, sochi, qoshi sariq, ko‘zi ko‘k, novchadan kelgan. Yuzida sepkillari bor. Yuqoridagi shaxsni ko‘rgan yoki qayerdaligini bilganlardan Qarshi shahar IIBga yoki yaqin atrofdagi militsiya bo‘limiga xabar berishlari so‘raladi”. Xabarni o‘qidim-u Ernestning dovdiragan ko‘zlariga qarab, "Yashasin, militsiya” dedim, Xuddi hali zamon meni topishib, onajonimning bag‘riga eltishadigandek quvonib ketdim. -Pastiga qara, o‘zingni ham o‘qiysan. Ko‘p quvonma, -dedi Ernest xomush to‘ng‘illab. Men gazetani yulqib olib, o‘qiy boshladim. Meni bedarak yo‘qolganlar safiga yozishgandir, deb o‘ylab xato qilibman. Jinoyat sodir etishda gumonlanayotgan ekanman. Yo xudojon. Bir kamim shu edi. Nega? Bu savol bilan Baxtiyorga yuzlandim.-O‘zingni bos. Axir o‘sha kuni do‘xtirni uydan sen chaqirib chiqqansan. Bu aniq. Biroq yo‘lda bezorilarga duch kelganlaringni hali militsiya ham, do‘xtirning oilasi ham bilmaydi. -Voy, sho‘rim. Hali hamma meni odam o‘ldirib, Ernest bilan qochib ketgan, -deb o‘ylayotgan bo‘lsa. Iloyo, qirilib o‘linglar. Boshimga yana qanday balolarni tayyorlab qo‘yibsanlar. Chiq, yo‘qol baring. Men o‘lishni istayman. Do‘xtirning xotini, bolalari meni qanchalik yomon qarg‘ab yig‘lashayotgandir. Odamxo‘rlar. Men Baxtiyorni ham, Ernestni ham eshikdan itarib chiqarib, ichkaridan tamballadim. Bitta- yu bitta yostiqqa o‘zimni yuztuban tashlab ho’ng-ho’ng yig‘ladim. Ikki soatlar chamasi obdon ko‘z yoshi to‘kdim. Chanqab o‘rnimdan qo‘zg‘alayotganimda qo‘lim yostiq ostidagi pichoqqa tegib ketdi. Qora dastali bu pichoq qotillik qilishi mumkin. Hozir o‘laman. Balki yarim soat, balki bir soatdan keyin bu odamxo‘rlar meni o‘lik holda topishadi. Esizgina, hur ketdi-da, deb afsuslanadi, Badr. Men ham o‘zimni o‘ldirsammikan, deb Ernest ham ikkilanib qolsa kerak. O‘lmaganda sovchi qo‘yib uylanardim, deb Baxtiyor devorga boshini uradi. "Badr, do‘ndiqchani Sirdaryogami, Anhorgami olib borib tashlaylik, baliqlar duo qiladi», deydi. "To‘xtanglar, janozasini o‘qib qo‘yay”, deydi mulla. "Endi shefga boshqa do‘ndiqchani topish kerak”, deyishadi. Mening o‘ligimni qopga solib daryoga irg‘itisharkan, muzdek suv bag‘riga oladi. Suv tagida och yurgan baliqlar, balki ilonlar ham bordir. Atrofimni o‘rab, tilka-pora qilib yeyishadi. Xayollarim shu yerda uzildi. Suvni, eslab sovqotgan edim. Yo xudo, o‘lsam hech kimga o‘zimning begunoh ekanligimni aytolmayman-ku. Onajonim yig‘lab-yig‘lab ko‘r bo‘ladi. O‘zing yo‘l ko‘rsat. O‘zing panoh bo‘l men yetim qizga. Aybsiz aybdor bo‘lganim ichimda bir gulxan yoqardiki, uning alangasida vujudim qovrilardi. Bu pichoq baribir qotillikka qo‘l uradi. Balki ulardan birortasidan alamimni olib, so‘ngra… Eshik zarb bilan taqilladi. Ochmasam, buzib kirguday. Ochdim. Rashid ekan. Men unga ilk bor sinchiklab razm soldim. Qora qosh, qora ko‘z. Rangi ham qora. Mo‘ylabi qulog‘iga yetishiga sal qolgan. Sochi uzun o‘stirilganidan bantik taqsa bo‘larkan. Gavdali. U eshikni tambaladi. Men ko‘rpacha ustiga kelib o‘tirdim-da, o‘ng qo‘limga yashirilgan pichoqning dastasini tutdim. -Salom, do‘ndiqcha. Kel qani. Hali arazlab o‘tiribsanmi? Kel, tizzamga. Seni qancha qiynalib olib keldim. Osongina shefga berib qo‘yamanmi? Sen menikisan. Xizmatimda bo‘lgan barcha qiz-u juvonlardan dilbarroqsan. O‘z xohishing bilan meni desang, ozodlikka chiqaraman. Seni jinoyatchi, deb qidirishayapti. Aybsizligingni isbotlolmaysan. Oqibatda qamalib ketasan. Meni shaykamga qo‘shilib, ancha pul ishlab olsang, ertaga pul bilan hamma balodan qutulib ketishing mumkin. Ishing qiyin emas. Eshik taqillatasan. Bir kechaga joy berib turolmaysizmi? Musofirman deysan. Shu payt biz kirib boramiz. Boshida qiynalishing tabiiy. Keyin har kuni tushgan mulla jiringni sanab vijdonni yutasan, undan keyin yashash yengil ko‘chadi. Boz ustiga sen yosh, sog‘lom, go‘zal ayol sifatida katta pul ishlashing mumkin. Shaharning bag‘ri keng, men sulton bo‘laman, sen malika. Kel… U qo‘llarini cho‘zgancha meni bag‘riga imlardi. Qo‘rqqanimdan gapirishga ham holim kelmasdi. Ko‘ylagini yecha boshlagach, undan g‘ijinib, o‘ta chaqqonlik bilan eshikni ochdim. Qo‘limga pichoqni olib: "Chiqib keting, bo‘lmasa o‘zimni o‘ldiraman” -dedim. Rashid pichoqni ko‘rdi-yu, tundlashdi: -Baxtiyor! Uning hayqirig‘idan mening kichikkina zindonim «zir» titradi. O‘zim ham bir uchib tushdim. Baxtiyor olisda emas ekan. Balki eshik ortida turgandir, darrov bo‘y ko‘rsata qoldi. -Pichoq qayerdan keldi? -Ko‘rganim yo‘q,hayronman. -Sizlar bazm-u jamshid qilgan kun sabzi to‘g‘rash payti qolib ketgan edi, bu yoqqa o‘tguncha uni yeng orasida olib kirdim, -dedim men. -Pichoqni ol, Baxtiyor, -dedi u. Baxtiyor pichoqni olishga uringanda o‘zi o‘rgatgan usullardan birini ishga soldim. Ortiga o‘girilib chiqib ketayotgan Rashid ichini ushlab muk tushib qolgan Baxtiyorni ko‘rib hayron bo‘lib to‘xtadi. -Hali bitta qizga kuching yetmaydimi? Lattachaynar.- Qani, do‘ndiqcha, bizga ham ishlatib ko‘r-chi hunaringni, - dedi Rashid ortiga qaytib. Men Baxtiyorga qaradim. U bosh chayqadi. Indamay turaverdim. Pichoqni qo‘limdan oldi: -Shunday qilamanki, akajon deb o‘zing oyog‘imga yiqilasan. Baxtiyor, buni payogini uz. Menga gala tekinxo‘r kerak emas. Ochlik azobini totib ko‘rsin. Rashid chiqib ketdi. Bir balodan qutulganimga shukur qildim. Uning shovqini tashqariga ko‘chdi. "SHefga ataganmish. Sen banditlarda vijdon, lafz degan narsa bormi? Bir-biringni g‘ajishga tayyorsanlar. Pichog‘imni olib ketmasang, baringni bitta- bitta tinchitardim. Jahl ustida yana mashq qila boshladim. Oyoqlarim bilan devorlarni tepdim. Shunda pastki yoki yuqorigi qavatdan norozi ovoz eshitildi. Demak, qo‘shnilar bor. Bor kuchim bilan derazaga qo‘yilgan fanerni tepgandim, uning orqasidan oyna, yana panjara qo‘yilgan ekan, faner yorilib ketdi. Derazaning ikki ko‘zi sindi. Panjaraga borib urilgan oyog‘imni yerga bosolmay qoldim. Og‘riqdan ingrab yubordim. Baxtiyor kirib keldi. -Nima qilyapsan, joningdan to‘ydingmi? -Ha, to‘ydim. Sizgayam ishonmayman. Meni aldab olib o‘tirish uchun har kuni bitta cho‘pchak tayyorlaysiz. Endi menga gapirmang. Siz ham shu shaykaning a’zosisiz- da. Ikkinchi imkoniyatni qo‘ldan chiqardik. Rashid o‘lsa qolganlarining qo‘lidan hech narsa kelmaydi-ku. -Xolida, iloji boricha qotillikka qo‘l urmay chiqib ketishimiz kerak. -Meni jinoyatchi, deb gumon qilishayapti. Endi menga baribir. -Hali buni isbotlashgani yo‘q. Sening aybing tasdiqlanmagan. Hukm chiqmagan. Bu faqat gumon. Gumon uchun asos bor. Sen bilan men ehtiyotkorlik bilan qo‘limizni qonga bo‘yamay qutulishimiz kerak. Hali yoshmiz. Hayotdan umidimiz katta. -Hozir Rashid menga tajovuz qilsa qo‘lingizdan nima kelardi? Eshik orqasida pusib turishmi? -Men rostdan eshik orqasida turgandim. Lekin senga qo‘l tekkizsa, unda insonlarga o‘xshab yashashdan umid uzib Rashidni o‘ldirardim. Xayriyatki, ish ungacha borib taqalmadi. Rashid alamini yigitlardan olayapti. Asli ishi orqaga ketdi. Puli tugadi. "Ov”ga chiqishmoqchi. Men ham borarmishman. -Baribir jinoyatga qo‘l urarkansiz-u. -Men uning ishonchiga kirib, shaharda erkin yurish imkoniyatini olishim kerak. Hozir Rashid ham, Badr ham ko‘proq Ernestdan shubhalanishayapti. Gazetaga chiqqanidan beri uning orqasidan odam qo‘yilgan. Badr "tinchitib qo‘ya qolaylik” deyapti. Qo‘lga tushsa, bizni sotadi, deb qo‘rqishayapti-da. -Qanchalik nomardsizlar. Ishi yurishmaganni safdan chiqarasizlar. Vijdon yo‘q, mehr-shafqat yo‘q. Agar biror joydan do‘rji pul chiqib qolsa, bir-birlaringni o‘ldirasizlar. Nafs bandalari. Nomardlar. Men Ernestga achina boshladim. Axir u ham inson, titrab turgan jon. Jinoyatchilardek berahm, tuban odamlar bo‘lmasa kerak. Xomush o‘tirgan Baxtiyorga yuzlandim: -Bugun kimni qon qaqshatmoqchisizlar? Bu tun qaysi go‘dak yetim qoladi? Qaysi xonadondan osudalik butunlay bosh olib ketadi? Ayting, Baxtiyor aka? -Xolida, tushun, bugungi "ov”ga qatnashmasam bo‘lmaydi. Boz ustiga o‘zimni ko‘rsatishim kerak. Bu kech senga boshqa birov qorovullik qiladi. -Ernestmi? -Yo‘q boshqa. Uni Anjelika deyisharkan. Aslida ismi Anziratmish. Rashidning ishongan odamlaridan. U bir kecha seni qo‘riqlab, erta tongda topshiriq bilan bir joyga ketadi. Lekin sen ehtiyot bo‘l. Ko‘chaga chiqishni xayolingayam keltirma. U qo‘shmachilik qilib kun ko‘radi. Sen uchun Rashiddan ham xavfli. -Qayerga borayapsizlar? -Isomiddin degan boyvachcha bor ekan. Badr 3 kundan beri hovlisini «razvedka» qilibdi. Boyvachcha bugun Koreyaga uchib ketibdi. Xotini, bolalari yolg‘iz qolganmish.- Bechora ayol. Uni ogohlantirish kerak. -Ahmoq bo‘lma. Sotqinlik qilolmayman. -Ernest qayerda? -U ham senga o‘xshab, uy qamog‘ida. Shuning uchun Rashidga men kerak bo‘lib turibman-da. -Jinoyatchi, o‘g‘ri! Tirik qolsam ham sizga tegmayman. Qo‘rqoq. Baxtiyordan juda norozi bo‘lib ketdim. Fikr-u xayolimni noma’lum uy bekasi egallab oldi. Boyvachcha bo‘lsang, qopag‘on it boqmaysanmi? Yoki militsiya bilan bog‘liq pultga ulatmaysanmi? Men nima ham qila olardim? Oyog‘imga sho‘r paxta bosib ancha o‘ylanib o‘tirdim. Nazarimda og‘rig‘i sal bosilgandek edi. Deraza yorig‘iga qarab xayolimga bir fikr keldi. Baxtiyordan ip-igna so‘radim. U g‘altak bilan igna olib keldi. Eshik orqasida ilingan kostyumidan ruchka oldim. Boyagi gazeta yodimga kelib uni topib oldim-da, yozdim: "Salom yaxshi inson. Savob ish qilishga shoshiling. Shu domning 38-xonasida bir qizni bezorilar qamab qo‘yishgan.Yana bir gap. Isomiddin degan boyvachchanikiga bugun bosqinchilar borishadi. Militsiyaga xabar bering, iltimos. Bechora qiz”. Qog‘ozni ip bilan bog‘lab, pastga tushirdim. Nomozshom payti bo‘lgani tufayli birov ko‘rib, birov ko‘rmasligi mumkin. Shuning uchun ipni qimirlatib turdim. Davomi bor…
|